Yangiliklar

“Mushtum” jurnali iqtisodiy qiyinchiliklar sabab oʻz faoliyatini vaqtincha toʻxtatdi

“Mushtum” jurnali iqtisodiy qiyinchiliklar sabab oʻz faoliyatini vaqtincha toʻxtatdi
Foto: Gazeta.uz

Bir asrdan buyon nashr etib kelinayotgan “Mushtum” jurnali va uning ijtimoiy tarmoqlardagi barcha sahifalari faoliyati iqtisodiy qiyinchiliklar sababli vaqtincha toʻxtatildi. Bu haqda nashrning Telegram kanalida maʼlum qilindi.

“Mushtum”  jurnali shu vaqtgacha birinchi safar — Ikkinchi Jahon urushi tufayli 1941-1951-yillarda, ikkinchi marta esa koronavirus pandemiyasida iqtisodiy qiyinchiliklar sababli vaqtincha toʻxtatib turgan. Oradan bir yil oʻtib, 2021-yildan jurnal yana faoliyat koʻrsata boshlagan.

Jurnalist Abdumutalib Oʻktamov Demakrat.uz saytiga bergan intervyusida “Mushtum” oʻzbek matbuotidagi eng suyukli, qadrli va uzoq tarixiga ega boʻlgan nashrlardan hisoblanishini aytdi. 

«Bu jurnalga “oʻzbek matbuotining vijdoni” deya baho berish ham mumkin. Jurnalning vaqtinchalik tanaffusi moliyaviy sabab bilan bogʻliq ekani maʼlum boʻldi. Va umid qilamanki, vaziyatni oʻnglash yuzasidan yordam berish istagida boʻlgan tashkilotlar topiladi.

Ulugʻ ajdodlardan meros va omonat sifatida qolgan ushbu jurnal barchamiz uchun qadrlidir. Shu maʼnoda, tahririyat jamoasi jurnalning mazmundorligi va saviyasini yanada oshirish borasida harakatdan toʻxtamasligi zarur. Mutolaa ixlosmandlari, felyeton, karikatura muxlislari sevimli jurnalimizni qoʻllab-quvvatlashda, albatta, beeʼtibor boʻlmaydilar.

Vaziyatdan kelib chiqib, yangi gʻoya va takliflarni ishlab chiqish ham maqsadga muvofiq. Masalan, shu kabi holatlarni sugʻurtalash maqsadida “Mushtum” doʻstlari» klubi faoliyatini yoʻlga qoʻyish ham mumkin. Bu orqali jurnalning jamiyatdagi mavqeini yanada yaxshilash hamda uni moddiy va ijodiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash istagida boʻlganlar bilan muntazam aloqalarni oʻrnatish imkoni yaratiladi. Har holda, bugungi munosabatlardan jamoatchilikning ushbu jurnalga boʻlgan yuksak mehrini his etdik”, – deydi u.